

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 11-iyundagi 02/58-17-308-sonli topshirig'i asosida Qirg'iziston Respublikasining Osh shahrida qirg'iz yoshlari o'rtasida O'zbekiston oliy ta'lim tizimiga bo'lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida "Study in Uzbekistan" ko'rgazmasi tashkil etildi. Ushbu nufuzli tadbirda O'zbekiston Respublikasidan o'ttizga yaqin oliy ta'lim muassasalari ishtirok etmoqda.
Ko'rgazma dasturi doirasida xorijiy abituriyentlar va ota-onalar uchun targ'ibot va tanishtiruv mashg'ulotlari izchil tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirda Buxoro davlat pedagogika instituti Tillar fakulteti dekani Xaitov Xamza Axmadovich hamda Rus tili va adabiyoti kafedrasi o'qituvchisi Xaydarov Mironshox Rustamovich faol ishtirok etdi.
Institut mas'ullari tomonidan olib borilayotgan targ'ibot ishlari davomida qirg'iz yoshlari va ularning ota-onalari institutda faoliyat olib borayotgan harbiy ta'lim va jismoniy madaniyat yo'nalishi, tasviriy san'at hamda xorijiy tillarni o'qitish tizimiga alohida qiziqish bildirishdi. Ushbu jonli muloqotlar qo'shni davlat yoshlarining mamlakatimiz ta'lim salohiyati haqidagi bilimlarini yanada boyitdi.
Nazariy imkoniyatlarni amaliy hamkorlik bilan uyg'unlashtirayotgan ushbu tadbirlar kelgusida ikki davlat o'rtasida xalqaro talabalar almashinuvi doirasida muhim natijalar va yangi muvaffaqiyatlar uchun xizmat qiladi.