

Buxoro davlat pedagogika institutida yoshlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda samarali yechim topish maqsadida institut rektori, professor Ma’murov Bahodir Baxshulloyevich ishtirokida Tillar fakulteti talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
👍 Bahodir Ma’murov bugungi kunda talaba-yoshlar bilan tizimli ishlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi faolligi, mustaqil fikrlashi va yangi tashabbuslarni ilgari surishi institut rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
👤 Ochiq muloqot davomida Tillar fakulteti talabalari o‘zlarini qiynayotgan masalalar, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish yuzasidan o‘z murojaatlari, taklif va mulohazalarini institut rektoriga bevosita bildirdilar.
🎓 Talabalar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala atroflicha tinglanib, ularning mazmun-mohiyati yuzasidan tegishli fikr va mulohazalar bildirildi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, talabalar murojaatlariga amaliy yechim topish hamda bildirilgan takliflarni o‘rganish bo‘yicha institutning mas’ul xodimlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar talabalar va institut rahbariyati o‘rtasida samarali muloqot ko‘prigini yaratib, yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, talabalar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar institut faoliyatini takomillashtirish, yoshlar uchun yanada qulay va samarali ta’lim muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.