(365) 226-10-97 buxdpi@buxdpi.uz Buxoro shahar Piridastgir ko`chasi 2-uy
shape
shape

Buxoro davlat pedagogika institutida rossiyalik olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy uchrashuv o’tkazildi

Buxoro davlat pedagogika institutida rossiyalik olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy uchrashuv o’tkazildi

Buxoro davlat pedagogika institutida rossiyalik olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy uchrashuv o’tkazildi

Buxoro davlat pedagogika institutida “Kelajak olimlari – 2026” xalqaro ilmiy-ma’rifiy dasturi doirasida Rossiya Federatsiyasining nufuzli ilmiy-ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan olimlar ishtirokida xalqaro uchrashuv va ma’ruza mashg’ulotlari tashkil etildi.

Mazkur tadbir O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi ta’lim hamda fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish, professor-o’qituvchilar va talabalarning ilmiy dunyoqarashini yuksaltirishga qaratildi. Ma’ruza mashg’ulotlarida rossiyalik professorlar, fan doktorlari, dotsentlar va soha mutaxassislari o’z ilmiy izlanishlari, zamonaviy tadqiqot usullari hamda innovatsion ishlanmalari bilan o’rtoqlashdilar.

Filologiya va tilshunoslik yo’nalishida Aleksandr Sergeyevich Pushkin nomidagi Davlat rus tili instituti professorlari Irina Anatolyevna Leshutina, Pavel Alekseyevich Katyshev va dotsent Andrey Vladimirovich Shcherbakov rus tilini o’qitishda interaktiv texnologiyalar, so’z yasalishi hamda zamonaviy rus tilidagi o’zgarishlar haqida ma’ruzalar qildilar.

Turizm va mehmondo’stlik yo’nalishida Rossiya sport universiteti — “GTSOLIFK” kafedra mudiri, sotsiologiya fanlari doktori Svetlana Viktorovna Dusenko turizm va mehmondo’stlik kasblarining jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyatini yoritdi.

Kimyo va innovatsion texnologiyalar yo’nalishida professor Tamara Valeryevna Basova ekologik monitoring hamda tibbiy diagnostikada kimyoviy sensorlardan foydalanish imkoniyatlari haqida so’z yuritdi. Kimyo fanlari nomzodi Georgiy Yuryevich Shaxgildyan esa ilmiy ishlanmalarni amaliy texnologiyalar va innovatsion mahsulotlarga aylantirish masalalariga to’xtaldi.

Biologiya va tibbiyot sohasidagi ma’ruzalarda zamonaviy ilm-fanning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Biologiya fanlari doktori, professor Anton Aleksandrovich Buzdin sun’iy intellekt yordamida dori vositalarini yaratish va individuallashtirish, tibbiyot fanlari doktori, professor Vladimir Alekseyevich Malchevskiy faol umr ko’rish davomiyligini uzaytirish texnologiyalari, texnika fanlari doktori, professor Liliya Vyacheslavovna Fedulova esa biomolekulalar va ularning ilmiy tadqiqotlardagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Ekologiya va tarix yo’nalishida biologiya fanlari nomzodi, dotsent Anna Aleksandrovna Bobrik iqlim o’zgarishi va yerlar degradatsiyasi muammolarini, tarix fanlari nomzodi Irina Konstantinovna Reshetova esa tarixiy tadqiqotlarda raqamlashtirish, nanotexnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini yoritdi.

Muhandislik va zamonaviy texnologiyalar yo’nalishida texnika fanlari doktori, professor Andrey Vladimirovich Oleynik sun’iy intellektning yangi texnikalarni yaratishdagi o’rni haqida ma’ruza qildi. Texnika fanlari doktori, professor Tumen Namjilovich Chimitdorjiyev esa sun’iy yo’ldosh radiolokatsiyasining geologik, ekologik va muhandislik tadqiqotlaridagi amaliy imkoniyatlarini tushuntirdi.

Shuningdek, jurnalist va ilm-fan targ’ibotchisi Grigoriy Vitalyevich Tarasevich kundalik hodisalarga ilmiy nuqtayi nazardan yondashish, atrofimizdagi olamni tadqiqotchi nigohi bilan anglash hamda ilmiy tafakkurni rivojlantirish mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzalar davomida talabalar va professor-o’qituvchilar zamonaviy ilmiy yondashuvlar, yangi tadqiqot yo’nalishlari va fanlararo hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa ishtirokchilarning bilim va ko’nikmalarini boyitish, ilmiy izlanishlarga bo’lgan qiziqishini oshirish hamda xalqaro tajribani o’rganish uchun muhim zamin yaratdi.