(365) 226-10-97 buxdpi@buxdpi.uz Buxoro shahar Piridastgir ko`chasi 2-uy
shape
shape

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

    Ayni kunlarda mamlakatimiz, jumladan, Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan nufuzli delegatsiya Belarus Respublikasida amaliy xizmat safarida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Belarus oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, akademik mobillikni rivojlantirish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni kengaytirishdan iborat.

    Delegatsiya tarkibida Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Ma’murov Bahodir Baxshullayevich hamda institut professor-o‘qituvchilari Belarus Respublikasining Vitebsk davlat universitetiga tashrif buyurdilar.

    Tashrif davomida delegatsiya universitet rektori Valentina Vasilyevna Bogatyorova bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, pedagog kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

    Shuningdek, delegatsiya a’zolari universitetda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy o‘quv, ilmiy va ijtimoiy infratuzilma, innovatsion ta’lim muhitini yaqindan ko‘zdan kechirdilar. Universitetning moddiy-texnik bazasi, laboratoriyalari, axborot-resurs markazi hamda ta’lim jarayonini raqamlashtirish borasidagi ilg‘or tajribalar alohida e’tibor qozondi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar pedagogika yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli rejalarni belgilab oldilar.

    Mazkur tashrif O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish hamda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.