

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Ma’murov Bahodir Baxshulloyevichning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasidagi tadbirlar izchil davom etmoqda.
Safarning navbatdagi manzili — Xunan universiteti (Hunan University) bo‘ldi. Tashrif doirasida universitetning xalqaro hamkorlik va akademik aloqalar uchun mas’ul rahbarlari bilan uchrashuv hamda muzokaralar tashkil etildi.
🌍 Xunan universiteti — QS jahon reytingida TOP-500 talikda!
Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli Xunan universiteti (Hunan University) QS World University Rankings 2027 — jahon universitetlari reytingida 477-o‘rinni egallagan.
Shuningdek, universitet Times Higher Education (THE) World University Rankings 2026 reytingida 251–300-o‘rinlar oralig‘ida qayd etilgan. (Times Higher Education (THE))
✅ Muloqot avvalida Xunan universitetining xalqaro hamkorlik va almashinuvlar bo‘limi direktori Quan Zhou tomonidan mehmonlar kutib olinib, universitetning faoliyati hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Ma’murov Bahodir Baxshulloyevich hamda Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tanishtirildi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot, akademik almashinuv va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, akademik tajriba almashish hamda ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif davomida Xunan universiteti va Buxoro davlat pedagogika instituti o‘rtasida kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi. Tomonlar ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
👍 BuxDPI rektorining Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari — institutning xalqaro aloqalarini kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.