

Ozarbayjon Respublikasining Xonkendi shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining II forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov boshchiligidagi institut delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Forum davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda akademik hamjamiyat vakillari ishtirokida oliy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, akademik mobillikni kengaytirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda.
Buxoro davlat pedagogika instituti delegatsiyasi forum doirasida xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, pedagogik ta’lim sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlarni yaratish hamda ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan muloqotlarda faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish, ta’lim sifatini xalqaro talablar asosida takomillashtirish va zamonaviy ta’lim tendensiyalarini o‘rganish forumning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
BuxDPI delegatsiyasining ushbu xalqaro forumdagi ishtiroki institutning xalqaro aloqalarini kengaytirish, yangi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surish hamda ta’lim va ilm-fan sohasida uzoq muddatli, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.