

O‘zbekiston–Ozarbayjon oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining II forumi doirasida Buxoro davlat pedagogika instituti hamda Ozarbayjonning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xususan, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov Boku Slavyan universiteti rektori Anar Nag‘iyev, Boku davlat universiteti rektori Elchin Babayev hamda Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti rektori, professor Jafar Jafarov bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Mazkur kelishuvlar ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Memorandumlar doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ilg‘or pedagogik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mazkur hamkorlik aloqalari ta’lim va ilm-fan sohasida istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda xalqaro tajribani o‘rganish orqali zamonaviy ta’lim muhitini takomillashtirishga xizmat qiladi.
BuxDPI tomonidan xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ushbu qadamlar institutning xalqaro akademik maydondagi mavqeini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan.