

Namangan davlat pedagogika institutida "Yangi Oʻzbekistonda pedagogik taʼlim arxitekturasini yaratishning dolzarb masalalari" mavzusidagi respublika taʼlim forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma'murov, Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Malika Umedjanova hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nigora Safarova ishtirok etdi.
Forum doirasida pedagogik oliy ta'lim muassasalari faoliyatini 2026–2027-o‘quv yilida yagona yondashuv asosida tashkil etish, ta'lim sifatini oshirish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda bitiruvchilar bandligini ta'minlashning samarali mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi. Rektorlar, prorektorlar va soha mutaxassislari ishtirokidagi muloqotlarda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni ta'lim jarayoniga keng joriy etish, oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish va amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Forum ishtirokchilari institutda yaratilgan zamonaviy ta'lim muhiti, innovatsion STEAM laboratoriyalari, ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmalari hamda raqamli ta'lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, pedagogik ta'limni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni e'tirof etdilar.
Forum pedagogik oliy ta'lim tizimini rivojlantirish, muassasalar o‘rtasida o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda zamonaviy pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘ldi. Tadbir doirasida ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, akademik hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumlari imzolandi.