

Buxoro davlat pedagogika institutiga Turkiya Respublikasining Shehitkamil hokimligi Madaniy merosni asrash bo‘limi boshlig‘i Osman O‘zgan, NLK Bilim Texnologiyalari boshqaruv raisi va bosh direktori Nalan Kurt, Mersin universiteti vakillari hamda taniqli yozuvchilar Arzu Yurdal Atılgan va Mahmut Özkocalar tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar institut talabalarining ijodiy qo‘l ishlari ko‘rgazmasi, Inklyuziv ta’lim markazi hamda Koreys tili markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Institut rektori Bahodir Ma’murov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ta’lim, madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro grant va loyihalarda talabalar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, xalqaro simpozium va kongresslarni birgalikda tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur tashrif Buxoro davlat pedagogika institutining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda ilmiy-ta’limiy integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.