

Hurmatli abituriyentlar, qadrli ota-onalar, professor-o‘qituvchilar va qabul jarayonida mas’ul bo‘lgan hamkasblar!
Buxoro davlat pedagogika institutida 2026–2027-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar jarayoni davom etmoqda. Bu jarayon yoshlarning orzu-intilishlari, kelajak kasbi va hayot yo‘lini belgilab beradigan muhim bosqich bo‘lib, har bir imtihon ochiqlik, shaffoflik, adolat va xolislik tamoyillari asosida tashkil etilishi biz uchun ustuvor vazifadir.
Aziz abituriyentlar!
Sizlardan talab qilinadigan eng muhim narsa – bilim, iste’dod, tayyorgarlik va o‘z kuchingizga bo‘lgan ishonchdir. Oliy ta’limga kirish faqat halol mehnat, puxta bilim va munosib tayyorgarlik orqali amalga oshadi. Turli yolg‘on va’dalar, noqonuniy takliflar yoki firibgarlik holatlariga aslo ishonmang. Sizning eng katta tayanchingiz – o‘z bilimingiz, iste’dodingiz va maqsad sari intilishingizdir.
Qadrli ota-onalar!
Farzandingizning ertangi kuni, uning ta’lim olishi va kamol topishida sizning ishonchingiz va to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqingiz muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda yurtimizda qabul jarayonlari ochiq va shaffof tizim asosida olib borilmoqda. Shu bois farzandingiz taqdiri bilan bog‘liq har qanday noqonuniy, asossiz va nojo‘ya takliflarga ishonmasligingizni so‘rayman. Eng to‘g‘ri yo‘l – farzandingizning bilimi va mehnatiga tayanishdir.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar va qabul jarayoniga mas’ul xodimlar!
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori mas’uliyat, xolislik va adolat bilan tashkil etish barchamizning sharafli burchimizdir. Har bir abituriyentning bilim va qobiliyati aniq mezonlar asosida baholanishi, imtihon jarayonlarida shaffoflik to‘liq ta’minlanishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiya va har qanday nojo‘ya holatlarga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lishimiz kerak.
Buxoro davlat pedagogika instituti har doim qabul jarayonlarida qonuniylik, shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qiladi. Bizning bosh maqsadimiz – bilimli, iste’dodli, intiluvchan va munosib yoshlarni talabalikka tavsiya etish, ularga sifatli ta’lim olishlari uchun mustahkam zamin yaratishdir.
Barchangizga kasbiy (ijodiy) imtihonlarda muvaffaqiyat, xolislik va ezgu niyat tilayman.
Bahodir Ma’murov,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor
Murojaat uchun: https://t.me/buxdpi_murojaatbot