

Buxoro davlat pedagogika institutida 2025–2026-o‘quv yili yakunlari hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha professor-o‘qituvchilar faoliyatining KPI (asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) natijalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda institut rektori boshchiligida fakultet va kafedralar kesimida professor-o‘qituvchilarning hisobotlari tinglanib, o‘quv-uslubiy faoliyat, ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro hamkorlik, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, raqamlashtirish, nashriyot faoliyati, iqtidorli talabalar bilan ishlash hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan natijalar KPI mezonlari asosida batafsil tahlil qilindi.
Muhokamalar davomida yuqori natijalarga erishgan yo‘nalishlar e’tirof etilib, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish hamda institutning milliy reytingdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash yuzasidan ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, KPI ko‘rsatkichlarini yanada oshirish hamda yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.