Sayt test rejimida ishlamoqda!
shape
shape

Yangilik haqida

Event Image

Quvai hofizamizda kengroq tafakkur qilsak, bizni qurshagan borliq, atrof–olam Yaratganning lutfu inoyati, mo‘jizasidir. Erta tong ko‘zimizni ochishimizdan tortib, tunda g‘aflat uyqusiga ketishimizgacha bo‘lgan oddiy bir kunning har daqiqasi takrorlanmas sehrga, mo‘jizaga kon! Bu yaratiqlar orasida shunday bebaho xazina ham borki, uning qiyosi yo‘q, ta’rifi–tavsifi tuganmas: bu–So‘z! Ha, So‘z qudratini tan olmagan, tavsifu tasnif etmagan ijodkor bo‘lmasa kerak. Ammo so‘zning o‘ziga xos va bebaho qadr-qimmatga egaligini, takrorlanmas tashbehlari, mubolag‘a va istioralarini buyuk mutafakkir, so‘z zargari hazrat Alisher Navoiy ijodida yaqqol uchratamiz.

“Hayrat ul-abror” – “Xamsa”ning birinchi dostoni. Unda so‘z haqidagi hikmatlarga to‘la alohida bob mavjud. Har baytida so‘z ta’rif etilgan mazkur bobda so‘z insonga berilgan bebaho boylik, “imtiyoz” ekanligi ta’kidlanadi:

Tengriki, insonni qilib ganji roz, So‘z bila hayvondin anga imtiyoz.

Tangri yaratgan mo‘jizalar ichida eng buyugi ham, tubani ham (o‘rni kelganda) odamzotdir. Ammo tildan, bir og‘iz so‘zdan ko‘p hollarda inson boshiga kulfat yog‘ilishi mumkin. Demakki, insonni ko‘kka ko‘taradigan ham, ko‘kdan tushiradigan ham uning amallari, tilidan chiqadigan so‘z-gaplaridir:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.

Navoiy asarlariini o‘qir ekanmiz, uning qalamidan to‘kilgan satrlar o‘lmas durdonalar ekanligini his etamiz. Asrlar silsilasi sindirolmagan bu g‘oyalar, umrboqiy hikmatlar doimo insonni yaxshilikka, to‘g‘rilikka undaydi:

Bordur inson zotida oncha sharaf, – Kim yamon axloqin etsa bartaraf.

Shoir so‘zning qudrati va buyukligini qayta–qayta takrorlaydi. Zero, so‘zimiz bizning ichki dunyoimiz ko‘zgusidir. O‘rinsiz qo‘llangan so‘z bizni xijolatga qo‘yishi, muvozanatdan chiqarishi mumkin:

 Nazmki ma’ni anga marg‘ub emas, Ahli maoniy qoshida xo‘b emas.

Navoiy tafakkur bilan so‘zlayotgan har kimsa, ayniqsa so‘zni qurol qilgan har bir shoir so‘z injularini tizishda ehtiyot bo‘lmog‘i lozimligini ta’kidlaydi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Navoiy yosh ijodkorlardan birini qattiq tanqid qiladi. Ko‘proq kitob o‘qishi, o‘z ustida ishlashi kerakligini uqtirganda, Osafiy degan yosh shoir: “Hozirgi kunda ko‘proq she’r aytish bilan mashg‘ul bo‘layotirman. Masalan, o‘tgan kecha ikki pullik sham yonib bitgunicha ikki yuz bayt aytdim”, – deydi. Shunda Navoiy: “Demak u tizmalaringizning har yuz bayti bir pul ekanda”,– deb javob qilgan ekan. Ko‘rinib turibdiki, Navoiy iste’dodsiz qalamkashlarni qattiq tanqid ostiga olgan, she’r hajman katta bo‘lsa-da, ma’nisiz bo‘lsa, u baribir o‘z o‘rnini topolmasligini shoirlarga uqtirib kelgan.

Alisher Navoiy ijod dengizida Ollohning ikki buyuk mo‘jizasi yonma-yon turadi: bular inson va uning so‘zi, tilidan to‘kilgan gavharlaridir. So‘ziga ehtiyot bo‘lish, o‘z so‘zini taftish qilib borish insonning komilligi belgisidir!

Нakimova Nargiza Supxonovna

Maktakbagacha va boshlang’ich ta’lim ta’lim fakulteti yoshlar masalalari va ma’naviy -ma’rifiy ishlar bo‘icha dekan o‘rinbosari (PhD), dotsent