

2026/2027-o'quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari o'tkazilishi rejalashtirilgan binolarda tayyorgarlik ishlari joyiga chiqib o'rganildi.
Jumladan, Buxoro davlat pedagogika instituti abituriyentlari uchun test sinovlari o'tkaziladigan Buxoro tumani "Bog'idasht" MFY hududida joylashgan Bilim va malakalarni baholash agentligining Buxoro viloyatidagi binosi ko'zdan kechirildi.
O'rganish jarayonida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig'i Jahongir Musayev test sinovlari yuqori saviyada, shaffof va adolatli tashkil etilishi, abituriyentlar hamda ularning ota-onalari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, hududdagi kirish-chiqish yo'laklari, kutish joylari, navigatsiya belgilarining joylashuvi, sanitariya-gigiyena holati, tibbiy xizmat, xavfsizlik choralari hamda tashkiliy masalalar atroflicha o'rganildi.
O'rganish davomida aniqlangan ayrim kamchiliklarni tezkor bartaraf etish yuzasidan mas'ul xodimlarga tegishli topshiriq va vazifalar berildi. Test sinovlarini belgilangan talablar asosida, tartibli va xavfsiz muhitda o'tkazish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni yakunlash yuzasidan aniq ko'rsatmalar bildirildi.