

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda:
Yurtimizda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan. Shu asosda barcha sohalardagi islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Xalqimiz qadimdan kunni obodonchilikdan boshlagani, ozodalik va saranjomlik bor joyda fayz-u baraka bo‘lishi qayd etildi.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramni mahallalarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi.
Har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani olib, bir oy davomida ozodalik va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etadi.
Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi. Hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi ta’kidlandi.