

Ispaniyaning Barselona shahrida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari forumi bo‘lib o‘tmoqda. Nufuzli xalqaro tadbirda har ikki mamlakatning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ekspertlari hamda ta’lim sohasi vakillari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov ham faol qatnashib, yalpi va panel sessiyalarida institut tajribasi, ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashmoqda.
Shuningdek, forumning netvorking sessiyalari va ikki tomonlama uchrashuvlari davomida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Tadbir doirasida istiqbolli hamkorlik hujjatlarini imzolash, yangi loyihalarni muhokama qilish va xalqaro aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.
Barselona universiteti — 576 yillik ilm-fan maskani
Ushbu universitet Ispaniyadagi yetakchi OTM bo‘lib, xalqaro miqyosda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Universitet 1450-yilda tashkil etilgan bo’lib, bugungi kunda 60 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi. Universitetda 16 tadan ko’p fakultet va ilmiy markazlar mavjud. Universitetining tarixiy binosi 1863-1882-yillarda qurilgan.
Universitet o’zining kuchli xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va o’zaro xalqaro hamkorliklari bilan Ispaniyadagi nufuzli universitet hisoblanadi.
Ushbu universitet 2026-yilda:
QS World University Rankings: 160-o'rin,
US News Best Global Universities: 82-o'rin, Yevropa bo'yicha 28-o'rin,
Times Higher Education (THE): 145-o'rin,
Shanghai Ranking (ARWU): 151-200-o'rinlar oralig'ini egallagan.
Mazkur forum Buxoro davlat pedagogika institutining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan sohasida yangi imkoniyatlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.