Buxoro shahridagi Shahriston maydonida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida tashkil etilgan gala-konsert chinakam do‘stlik va yoshlik bayramiga aylandi.
Kun davomida minglab yigit-qizlarimizni turli innovatsion g‘oyalar, amaliy takliflar va qiziqarli loyihalar atrofida birlashtirgan “Tashabbuslar marafoni” kechqurun gala-konsertga ulanib ketdi.
E’tiborlisi, kun davomida o‘tkazilgan qizg‘in marafon va festivallarda 115 mingga yaqin yosh hamda hamyurtlarimizni yagona maqsad yo‘lida birlashdi.
Gala-konsertda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev yoshlar Yangi O‘zbekiston islohotlarini harakatlantiruvchi kuch ekanligini e’tirof etishdi.
Tadbirda o‘z intilishi, ilm va salohiyati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan buxorolik yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir yoshlar sevib tinglaydigan estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dastur nafaqat yoshlar, balki butun viloyat aholisi, mehmonlarga olam-olam zavq ulashdi.

