

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oliy ta'lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so'm mablag' yo'naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma'lum qilindi.
"TalabaExpo-2026" kasb ko'rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Barcha jarayonlar bandlikka ko'maklashuvchi "career.edu.uz" platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta'minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi.
Barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to'liq yo'lga qo'yilib, natijadorligiga qarab rag'batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati "Bitiruvchi sifati indeksi" orqali baholanib, eng yuqori natija ko'rsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 million so'mdan ajratiladi.
Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo'nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.
2026/2027-o'quv yilidan boshlab barcha oliygohlarda talabalarda tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida "Tadbirkorlik asoslari" fanini o'qitish yo'lga qo'yiladi.
Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta'lim shaklini ham yo'lga qo'yish tashabbusi bildirildi.