

Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazi oldidagi maydonda tashkil etilgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Turdiyeva ishtirokidagi konsert dasturi yoshlar uchun unutilmas ma’naviy-ma’rifiy tadbirga aylandi.
Tadbir davomida Buxoro davlat pedagogika instituti talabasi Xoshimova Mohinur Hayyotovna so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, sifatli ta’lim olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash hamda o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish, bilim va salohiyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom etmoqda. Bu kabi uchrashuv va tadbirlar esa yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, Vatanga daxldorlik hissini mustahkamlash hamda ertangi kunga ishonchini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.