

Buxoro shahrida maktabgacha ta’lim tizimida rahbarlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or boshqaruv tajribalarini ommalashtirish hamda ta’lim-tarbiya sifatini yanada yuksaltirish maqsadida “Eng yaxshi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlarining boshqaruv faoliyati, zamonaviy menejment yondashuvlari, pedagogik jamoani samarali boshqarish tajribasi, innovatsion g‘oyalari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarini namoyish etdilar.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlarining kasbiy mahoratini rag‘batlantirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi samarali tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:
1-o‘rin — Aziza Barotova, Buxoro shahridagi 14-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori;
2-o‘rin — Madina Habibova, Buxoro shahridagi 64-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori;
3-o‘rin — Mehriniso G‘ulamova, Buxoro shahridagi 47-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori.
Tanlov yakunida g‘oliblar munosib taqdirlanib, ularning maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi tashabbuslari va fidokorona mehnati yuksak e’tirof etildi.